10000 soat qoydasi
10 000 soat qoidasi
Odam biror sohada zo‘r bo‘lishi yoki ekspert darajasiga chiqishi uchun shu sohada taxminan 10 000 soat o‘rganishi va ishlashi kerak, degan qarash bor.
10 000 soat degani, masalan, kuniga 2–3 soat shug‘ullansangiz, taxminan 10 yil degani.
Men oldin shunday o‘ylardim: ba’zilar tabiatan qobiliyatli, ba’zilar esa kamroq qobiliyatli. Bu ko‘proq genlarga bog‘liq narsa, deb hisoblar edim.
Lekin aslida unday emas ekan.
Siz biror narsada qobiliyatli bo‘lishingiz uchun o‘sha narsani boshqalardan ko‘proq bilishingiz va ko‘proq mashq qilishingizning o‘zi katta farq qiladi.
Unda nega ba’zilar tez, ba’zilar esa sekin o‘rganadi?
Maktabda yoki kurslarda buni ko‘p ko‘rganmiz: ba’zilar yangi narsalarni juda tez o‘zlashtiradi, ba’zilar esa o‘rganishga qiynaladi.
Shunda odamda:
«Menda qobiliyat yo‘q ekan»
degan fikr paydo bo‘lishi mumkin.
Lekin aslida bu har doim ham qobiliyat masalasi emas.
Tez o‘rganadigan odamlar ko‘pincha yoshligidan ko‘p kitob o‘qigan, yangi narsalarni o‘rgangan, ko‘p savol bergan va doimiy ravishda o‘z ustida ishlagan bo‘ladi.
Ya’ni ular yillar davomida o‘rganish qobiliyatini rivojlantirib kelgan bo‘lishi mumkin.
Balki ular o‘rganishning o‘ziga 5 000, hatto 10 000 soat sarflagandir. Shu sababli ular qanday o‘rganishni ham yaxshi biladi.
Qolganlar esa yoshligida bunday ko‘nikmalarni rivojlantirmagan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ular keyinchalik biror narsani o‘rganishni boshlaganda, go‘yo hammasini 0 dan boshlayotgandek qiynaladi.
Va asta-sekin o‘zini «qobiliyatsizman» deb hisoblay boshlaydi.
O‘zingizni hech qachon «men qobiliyatsizman» deb o‘ylamang.
Boshqa odam qilgan ishni siz ham qila olasiz. Faqat buning uchun vaqt, sabr va muntazam mashq kerak.
Agar siz biror sohaning eksperti bo‘lishni istasangiz, shu yo‘lda o‘zingizning 10 000 soatingizni bosib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi.
Bir kunda qancha ko‘p va sifatli vaqt ajratsangiz, bu yo‘l shunchalik tezlashadi.